Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligining vazifalari

22/02/2019 - 14:06 22072

Vazirlikning asosiy vazifalari:
 
A) Makroiqtisodiy siyosatni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va yuritish sohasida:
 
- makroiqtisodiy indikatorlarni tahlil qilish va prognozlash asosida iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etish va iqtisodiyotning real sektori holati, ichki va tashqi bozorlar konyunkturasi hamda global va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari bilan bog‘liq holda iqtisodiyotning asosiy sohalarini rivojlantirish strategiyasini shakllantirish;
- iqtisodiyotning real sektoridagi holatni oldindan baholashning zamonaviy indikatorlarini ishlab chiqish va samarali foydalanish tizimini joriy etish;
- inson kapitalini yaxshilash va mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarish va moliyaviy resurslarni samarali taqsimlash, zarur infratuzilmani shakllantirishga asoslangan iqtisodiy rivojlanishning konseptual yo‘nalish va vazifalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash;
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, shu jumladan inflatsiya darajasini pasaytirish va qo‘yilgan maqsadlarga erishish borasida muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan eksportni qo‘llab-quvvatlash, eksport va importda tarif va notarif tartibga solish siyosatlarini shakllantirish jarayonida faol ishtirok etish;
- qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida ko‘zda tutilgan tadbirlar va islohotlar amalga oshirilishining mehnat unumdorligi, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash hajmlarining o‘sishiga, ish o‘rinlarining yaratilishiga ta’sirini baholash va tegishli takliflar ishlab chiqish;
 
 
B) Kambag‘allikni qisqartirish borasida:

- iqtisodiy o‘sishning inklyuzivligini tahlil qilish va ta’minlash, davlat boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha strategiya va dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish;
- kambag‘allikni qisqartirishning aniq dastak va mexanizmlarini ishlab chiqish, xorij tajribasini inobatga olgan holda kambag‘allik darajasini aniqlash mezonlari va baholash uslubiyotini, ijtimoiy ta’minotning minimal standartlari me’yoriy asoslarini ishlab chiqish;
milliy barqaror rivojlanishning maqsad va vazifalariga erishish chora-tadbirlarini amalga oshirish, yashash minimumi va minimal iste’mol savatchasini hisoblash metodologiyasini ishlab chiqish hamda aholi daromadlari tabaqalashuvini o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borish hamda ularning davlat maqsadli dasturlari bilan o‘zaro muvofiqligini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda mehnat bozori va uning tarkibini sifat jihatdan rivojlantirish, ishchi kuchi migratsiyasi jarayonlarini tahlil qilish, takomillashtirish hamda mehnat resurslarini taqsimlash borasida o‘zaro muvofiqlikdagi ishlarni olib borish;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
 
V) Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasida:

hududlarning tabiiy xomashyo va mehnat resurslarini hamda “nisbiy ustunliklari”ni inobatga olgan holda ularni rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yo‘nalishlarni belgilab olish hamda amalga oshirish;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari doirasidagi loyihalarni o‘z muddatida va sifatli bajarishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish, hududlararo rivojlanishning tabaqalashuvini qisqartirish choralarini ko‘rish;
hududlarda sanoat zonalarini tashkil etish, ularni joylashtirish yuzasidan uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish, ularni rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda hududlarni rivojlantirishning milliy metodologik asoslari va yondashuvlarini ishlab chiqish hamda takomillashtirish;
 
G) Mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida:

mamlakatda kichik va o‘rta biznesni hamda tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini yuritish;
iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda kichik va o‘rta biznesni muhim drayverga aylantirishning konseptual va strategik yondashuvlarini hamda sohani rivojlantirish borasida fundamental to‘siq va muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
kichik va o‘rta biznes subyektlari toifasiga oid mezonlarni belgilovchi, shuningdek, ularning huquqlariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy choralari — yangi vositalar va axborot tizimlarini yaratish, kreditlashning mavjud mexanizmlari va qo‘llab-quvvatlash vositalari orqali ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuqori samara beruvchi yo‘nalish va loyihalarni amalga oshirish;
tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini doimiy ravishda takomillashtirish orqali resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va uni samarali boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish;

D) Sanoatning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish — yagona industrial siyosatni yuritish borasida:
- milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va diversifikatsiya qilishni, shuningdek, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish uyg‘unligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish kuchlarini samarali joylashtirish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan samarali foydalanish asosida mamlakat sanoatini rivojlantirish strategiyalarini (modellarini) ishlab chiqish;
- O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va aholini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bozor mexanizmlari asosida uzluksiz ta’minlashga qaratilgan strategiyani va chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- asosiy sanoat tarmoqlari va yirik korxonalarni isloh qilish bo‘yicha strategiya va dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
- sanoat tarmoqlarining rivojlanish darajasini monitoring qilib borishda xalqaro tajribada keng qo‘llaniladigan asosiy indikatorlarni aniqlash, “yashil iqtisodiyot” hamda energiya samaradorlikning asosiy prinsiplari va usullarini amaliyotga joriy etish va monitoring qilish uslubiyotini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- respublika sanoat korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish, hajmlari, ichki bozor talabining qondirilish darajasi bo‘yicha hamda ichki va tashqi bozorlarda muhim sanoat mahsulotlari narxlarining o‘zgarish tendensiyalari bo‘yicha tahlillar tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini tashkil etish;
 
E) Davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish borasida:

- iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish maqsadlaridan kelib chiqib, hamda iqtisodiy o‘sishga ta’siri nuqtai nazaridan samaradorligi past bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash asosida davlat ishtiroki mavjud tarmoq va korxonalarni isloh qilish bo‘yicha takliflarni kiritish orqali yaxlit davlat siyosati amalga oshirilishida ishtirok etish;
- davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish jarayonlarini samarali tashkil etish uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratish, xususan ular tomonidan ishlab chiqariladigan xizmat va mahsulotlarning erkin va raqobatbardosh bozorini shakllantirish bilan bog‘liq tarkibiy islohotlar bo‘yicha asosiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash;
- davlat ulushi mavjud strategik tarmoq va korxonalarda mehnat unumdorligini, energiya va boshqa ishlab chiqarish resurslari tejamkorligini oshirish hamda mahsulot tannarxini kamaytirishda zamonaviy mexanizm va yondashuvlarning qo‘llanilishi bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishda ishtirok etish;

J) Davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasida:

- barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, sanoat salohiyatini mustahkamlash va hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida investitsiyalarni jalb qilish sohalari va tarmoqlarini aniqlash orqali mamlakatning faol investitsiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish strategiyalari va dasturlaridan kelib chiqqan holda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda davlat investitsiya dasturini shakllantirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga yo‘nalish va loyihalar bo‘yicha tegishli ichki hamda tashqi manbalarni shakllantirish uchun buyurtmalarni berish;
- davlat investitsiya dasturlarini makroiqtisodiy nuqtai nazardan tahlil qilish hamda bu borada shakllantirilgan xulosalardan kelib chiqib, investitsiya yo‘nalishlarini belgilash;
- davlat investitsiya siyosatining umumiy investitsiyaviy faollikka, shu jumladan xususiy va xorijiy to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimiga ta’sirini tahlil qilish, prognozlash hamda bu borada tegishli takliflarni shakllantirish.

Z) Infratuzilmani rivojlantirish va urbanizatsiya siyosatini yuritishda:

- shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish, turar joylarni muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma bilan birgalikda qurishni inobatga olgan holda urbanizatsiya jarayonlarining davlat tomonidan samarali tartibga solinishini ta’minlash, shuningdek, yer uchastkalariga oid zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish;
- shahar va qishloqlardagi uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish, jadal sanoatlashtirish sharoitida shaharlarning demografik sig‘imlari hamda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojlarini prognoz qilish va shu asosda urbanizatsiya ko‘lamlarini belgilash — mavjud shaharlarni kengaytirish yoki yo‘ldosh shaharchalarni yaratish yuzasidan hududlar kesimida takliflar tayyorlash;
- yangi barpo etiladigan yo‘ldosh shaharlar aholisining yashash sharoiti darajasini yanada oshirish hamda shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqishni moliyalashtirish manbalarini aniqlash va muvofiqlashtirish;
- ilg‘or, energiya tejovchi, ekologik toza texnologiyalar va materiallarni joriy etish asosida hamda ijtimoiy, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmalarini qamrab olgan yo‘ldosh shaharlar bunyod etilishini hisobga olgan holda shahar aglomeratsiyalarini shakllantirishni boshqarish;
- jahon amaliyotini hisobga olgan holda shahar aholisini joylashtirish tizimini kompleks rivojlantirishni tartibga solish, kichik, o‘rta, katta va yirik shaharlarning samarali nisbatini shakllantirish;
- uy-joy qurilish bozorini ipoteka kreditlari orqali rivojlantirish hamda mavjud uy-joylar fondini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda renovatsiya tizimini takomillashtirish va dasturlar ishlab chiqish;
-
I) Biznes muhitini yaxshilash va xalqaro reytinglar masalalari bo‘yicha:

- iqtisodiyotni bozor tamoyillari asosida boshqarish bo‘yicha institutsional islohotlarni amalga oshirish orqali biznes faoliyati sohasidagi asossiz majburiyatlar, taqiqlar va cheklovlarni olib tashlash, joriy tartibga solish jarayonlarini takomillashtirish hamda sohada amaldagi va qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlarning biznes muhitiga ta’sirini baholash;
- “O‘zstandart” agentligi va boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘z biznes faoliyatlarini erkin amalga oshirishlarida to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan texnik reglament va talablarni o‘rnatuvchi organlar faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda mamlakat iqtisodiyotida raqobat muhitini yaxshilash, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman bilan birgalikda biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarni tashkil etishda hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish;
- biznes ekotizimi, jumladan startap, biznes-inkubator, biznes-akseleratorlar asosida tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida venchur fondlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
- xalqaro iqtisodiy reytinglar bilan ishlashda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reytinglarni har bir tarkibiy indikatori kesimida mutasaddi vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruhlarni tuzish hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirish;

K) Jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy aloqalarni faollashtirish sohasida:

- mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasidan, shu jumladan o‘rta va uzoq muddatli tashqi iqtisodiy muvozanatni ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqib, xalqaro iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- iqtisodiy sohada turli integratsiya birlashmalari (MDH, EOII va boshqalar) bilan, respublika hududlari xorijiy davlatlar hududlari bilan, shu jumladan chegaraoldi hamkorlikning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga ta’sirini keng qamrovli tahlil qilish va kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- vakolatlar doirasida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini ifodalash, belgilangan tartibda va xalqaro huquq bitimlariga muvofiq boshqa davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hamkorlik bitimlarini tuzish.
- Vazirlik o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda ularning ustuvorligi va bosqichma-bosqichlik tamoyilidan kelib chiqadi, shuningdek, har bir yo‘nalish bo‘yicha xalqaro ekspert-maslahatchilarni jalb qilishi mumkin.