Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha vitse-prezidenti bilan uchrashuvlar

17/05/2021 - 22:37 524

Joriy yilning 17-may kuni O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab birinchi ish safari doirasida, 14-18 may kunlari rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'lgan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha vitse-prezidenti Anna Byorde bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov, Moliya vazirining birinchi o'rinbosari Omonullo Nasritdinxojaev, Moliya vaziri o'rinbosarlari Odilbek Isakov, Jamshid Abruev va boshqa rasmiylar ishtirok etdilar.

Jahon banki delegatsiyasi Jahon banki guruhining (JBG) Ijrochi direktori, Jahon bankining ijro etuvchi direktorlar kengashida O'zbekistonning vakili Katarjina Zaydel-Kurovska, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk, Jahon bankining Ruminiya va Vengriyadagi doimiy vakili, JBning Markaziy Osiyo bo'yicha yangi mintaqaviy direktori (2021 yil 1 iyuldan) Tatyana Proskuryakova, shuningdek Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanellidan tarkib topdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning qator masalalarini, jumladan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish, shahar va qishloq infratuzilmasi, suv ta'minoti kabi muhim yo'nalishlarda Jahon bankining moliyaviy ishtirokidagi loyihalarni muhokama qildilar.

Shuningdek, tomonlar davlat ishtirokidagi yirik korxonalarini transformatsiya qilish sohasidagi islohotlarning borishi hamda 2020 - 2025 yillarda O'zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida davlat ishtirokidagi banklarni isloh qilish jarayoni bo‘yicha tadbirlarni ko'rib chiqishdi.

Byorde xonimning tashrifi doirasidagi navbatdagi uchrashuv O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o'rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov bilan bo'lib o'tdi.

Muzokaralarda shuningdek, moliya vaziri Timur Ishmetov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o'rinbosari Ilxom Norqulov, Markaziy bank boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Botir Zaxidov, Moliya vaziri o'rinbosarlari Axadbek Xaydarov va Odilbek Isakov ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O'zbekiston hukumati tomonidan turli xil ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda, jumladan, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni isloh qilish, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari, issiqlik ta'minoti tizimlari modernisatsiyasi, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va yer munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildilar.

Tomonlar 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Jahon bankining O'zbekiston Respublikasi bilan Hukumatning mamlakatni keyingi besh yilga mo'ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy va rivojlanish rejalariga javob beradigan sheriklik dasturi doirasida ustuvor yo'nalishlarini muhokama qildilar.

Byorde xonim COVID-19 pandemiyasi tufayli boshlangan inqirozga qaramasdan, muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish uchun O'zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy harakatlarni olqishladi. U JB inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o'tishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda mamlakatga moliyaviy va konsultativ yordam ko'rsatishni davom ettirishini ta'kidladi.

Jahon banki va O'zbekiston hukumati o'rtasidagi muzokaralar yakunida "O'zbekistonda suv ta'minoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional qo'llab-quvvatlash" loyihasi bo'yicha moliyaviy va grant bitimlari imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Loyihani amalga oshirish uchun JB tomonidan 239 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit, shuningdek, Shveysariya davlat kotibiyatining iqtisodiy masalalar bo'yicha 7,8 million AQSh dollari miqdoridagi granti ajratiladi.

Loyiha doirasida O'zbekistonning uchta hududida 500 mingdan ortiq kishi suv ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan yanada sifatli foydalana oladi. Qoraqalpog'iston Respublikasida Nukus, Taxiatosh va Xo'jayli shaharlarida kanalizatsiya-tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Sirdaryo viloyati va Samarqand viloyatining Kattaqo'rg'on shahrida suv ta'minoti va kanalizatsiya tarmoqlari kengaytirilib, rekonstruksiya qilinadi.

Shuningdek, "O'zbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish" loyihasi bo'yicha moliyaviy bitimlar imzolandi. Loyihani amalga oshirish uchun JB tomonidan 50 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi.

Jahon banki tomonidan qo'llab-quvvatlangan yangi loyiha hukumatga bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlashga qodir bo'lgan milliy innovatsion tizimni rivojlantirishga yordam beradi. Bu ilmiy va innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari va tijoratlashtirish sohasida davlat, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va xususiy sektor o'rtasidagi hamkorlikni qo'llab-quvvatlaydi.

Loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI) va oliy o'quv yurtlarida xalqaro sinf tadqiqotlarini olib borishga yordam beradi, shuningdek, ularning ish natijalarini tijoratlashtirishga imkon beradi. Mazkur tashkilotlarning ilmiy xodimlari ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari sohasida 50 ta tadqiqot, jumladan, xalqaro tadqiqotchilar va xususiy sektor ishtirokida qo'shma loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtiradigan grantlar olish uchun ariza topshirishlari mumkin.

Bundan tashqari, mahalliy firma va kompaniyalar boshlang'ich loyihalarga sarmoya kiritish uchun mahalliy va xalqaro bozorlarda talab qilinadigan yangi yoki mavjud innovatsion mahsulot va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari sohasida 30 ga yaqin grant olishlari mumkin. Masalan, ular tibbiy, farmatsevtika va biotexnologik mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqish, shuningdek, ilm-fan va texnologiyaning boshqa istiqbolli yo'nalishlari bo'yicha loyihani moliyalashtirish uchun ariza topshirishlari mumkin.

Loyiha doirasida ayrim ITI infratuzilmasi va laboratoriyalarini modernizatsiya qilish uchun mablag'lar ajratiladi, ularning ro'yxati tegishli tashkilotlarning ehtiyojlarini har tomonlama baholashdan so'ng innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Hozirgi kunda Jahon banki 24 ta loyihani texnik yordam va moliyalashtirish orqali O'zbekistonga ko'maklashmoqda. Ular muhim iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, ta'lim, suv ta'minoti va sanitariya, energetika, transport, ijtimoiy himoya qilish, shahar va qishloq infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, COVID-19 ning sog'liqni saqlash, iqtisodiyot va fuqarolar uchun ta'sirini kamaytirishga yordam beradi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati